💊 Dorixona omborida tekshiruv oʻtkazildi
- 2025-12-17
DXX Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda boshqa huquq-tartibot idoralari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Toshkent tumanida faoliyat yurituvchi dorixonalardan biriga qarashli omborxona tegishli tartibda koʻzdan kechirildi.
Natijada unda 1209 turdagi jami 38 mlrd soʻmlik dori vositalari mavjudligi, shundan, taxminiy qiymati 20 mlrd soʻmga yaqin boʻlgan dori vositalari xalqaro GDP (saqlash, olib kelish va realizatsiya qilish boʻyicha) sertifikatiga ega emasligi va Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi qoshidagi Sertifikatlash organidan litsenziya olmagan holda saqlanayotganligi maʼlum boʻldi.
Taʼkidlash lozimki, omborxonadagi dori vositalari orasida umumiy qiymati 263 mln 921 ming soʻmni tashkil etuvchi 30 turdagi 10 509 quti dori vositalarining yaroqlilik muddati oʻtgan boʻlib, 3 turdagi 639 quti dorilar hamda 243 dona gel vositalarining yaroqlilik muddatlari qalbakilashtirilgan.
“Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” DM xulosasiga koʻra, dorixona mansabdor shaxslari tomonidan dori vositalari litsenziyada koʻrsatilgan binodan tashqarida saqlanib, 10 turdagi dori vositalarida muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirilmagan, 1 turdagi dori vositasi gʻayriqonuniy tayyorlangan (kontrafakt), 9 turdagi dori vositalari davlat roʻyxatidan oʻtkazilmagan va 20 turdagi yaroqlilik muddati tugagan dori vositalari tegishli tartibda yoʻq qilinmasdan saqlanayotganligi sababli, ushbu dori vositalarining barchasini Oʻzbekiston Respublikasi hududida saqlash, sotish, tashish va tibbiyot amaliyotida qoʻllash taqiqlanadi.
⚖️ Hozirda dorixona mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 186³-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.